Gulning atri bo’lak kapalaklarga,
Bolari bolidan nari ketmaydi.
Parvona uchun ham o’sha raqsnamo
Issiq oloviga bari yetmaydi.
Quyosh ham ko’kini oydan qizg’onib,
Shafaqni qon qilib botar har safar.
Har gal eshitilib chug’ur – chug’uri,
Bodomga bahormas, qushlar gul taqar.
Darada tosh kechib yurar jayronlar,
Xohlamas birovning maysazorini.
Boshida ko’tarib turadi tog’lar,
So’rasang, bermaydi qishda qorini.
Kimdir orzu qilar burgut bo’lishni,
Qul bo’lib yashaydi parvoz hisiga.
Men esa alishmam bari – barini,
Poyimda yastangan tuproq isiga.
|