Tuni chiroq bilan yorishgan shahar,
Baribir oy bo’lib to’lolmaysan sen.
Kuni shovqin bilan qorishgan shahar,
Bitta qishlog’imcha bo’lolmaysan sen.
Bormi, a , senda ham oppoq soqollar ?
Duoga qo’l ochgan kampirlar qani ?
To’kilib bitsa ham bari ohorlar,
Savatlab non sochgan tandirlar qani ?
Afzaldir men uchun yanog’i bilan
Quyoshning taftidan nur olgan qishloq.
Tilla qo’lidagi qadog’i bilan
Qaro yer bag’ridan dur olgan qishloq.
Kunlarim o’tsa – da bag’ringda to’lib,
Manguga sening - la qololmayman men.
Suyanch bo’lolmaysan , eh , otam bo’lib,
Onamdek ko’nglimni ololmaysan sen.
Hayoti farovon , gavjum yo’llari ,
Rivoji bog’lardek gullagan shahar.
Senga ham ko’nglim bor , saxiy qo’llari
Jaloliddinni ham qo’llagan shahar.
|