Olis bir manzilda olis bir odam,
Kimga ne o'rgatding deya so'rgandi.
Sahroda darbadar kezgan Majnun ham,
Oshiqlik ishini mendan o'rgandi.
Insonlar muhabbat ko'shkin qurishni,
Tunlar bedor bo'lib hayol surishni,
Quyosh peshonada kulib turishni,
Bulut yosh to'kishni mendan o'rgandi.
Odamzot harb bilan sulhu urushni,
Besh kunlik dunyoda davron surishni,
Zamin keng samoda yolg'iz yurishni,
Bulut yosh to'kishni mendan o'rgandi.
Muhabbat bobida dilni bosar g'am,
Ko'zinga yosh to'lar ko'ksimga alam,
Dengiz to'lqin bo'lib ko'pirishni gam
Tog'lar jim turishni mendan o'rgandi.
Mungli kuy bo'lishni munis navoda
Barglar yuz yuvishni tonggi saboda,
Oy to'lib turishni tiniq samoda,
Ummonlar qurishni mendan o'rgandi.
|