Hijronning dardini Majnundan so’ra,
Visolning qadrini maftundan so’ra.
Kerakmas oy, yulduz – osmon va’dalar,
Bizga diydor kerak davlatdan ko’ra.
Hamisha ochiqdir haqiqat ko’zi,
Oqni oq, deydi u, qorani qora.
Ortingdan bog’ qolsin, yuvilsin dog’lar,
Bizga diydor kerak davlatdan ko’ra.
Rahmatlar yig’ib ber xalqdan otangga,
Onangga oq sutning haqqini to’la.
Ularga mehringdan mevalar ulash,
Bizga diydor kerak davlatdan ko’ra.
Kuyunma, zamonning zo’ri bo’lmasang,
Bo’ri bo’lolmasang, kuyunma, jo’ra.
Do’stlarga oqibat qo’llarini cho’z,
Bizga diydor kerak davlatdan ko’ra.
|