Olis yulduzlarga zimdan nazar sol So'ngsiz kechalarning hazin bag'rida, Oyning shu'lalarin hovuchingga ol Va ulardan so'ra sevgim haqida. Namli kipriklarim ustiga qo'ngan Kamalakning rangin sochlarin tara, Shabnam bo'lib qonli ko'z yoshim tomgan Chamanlardan sevgim haqida so'ra. Ma'yus ko'zlarimning qaroqlarida Majnun muhabbatning tug'yonini ko'r, Sermavj dengizlarning qirg'oqlarida To'lqinlardan sevgim to'g'risida so'r. Vasling firoqida jon berar bo'lsam Lablarimga qaynoq lablaringni sur, Hayotga qaytarman o'shanda bir dam Sen o'limdan ishqim qudratini so'r
|